O'zbek alifbosiga o'zgarish: Senat yangi qonunni ma'qulladi

O'zbekiston Oliy Majlisi Senati lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosiga o'zgartirish kiritish haqidagi qonunni ma'qulladi. Endi 4 ta harf o'zgaradi: oʻ→ö, gʻ→ğ, sh→ş, ch→ç.
O'zbekiston Oliy Majlisi Senatining 19-yalpi majlisida lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosiga o'zgartirish kiritish haqidagi qonun muhokama qilinib, ma'qullandi. Hujjatga ko'ra, amaldagi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o'rniga endi 28 ta harf va bitta tutuq belgisi joriy etiladi.
Qaysi 4 ta harf o'zgaradi?
Yangi alifboda quyidagi to'rtta harf almashtiriladi: Oʻ oʻ → Ö ö Gʻ gʻ → Ğ ğ Sh sh → Ş ş Ch ch → Ç ç Bu alifboni tubdan almashtirish emas — mavjud alifbodagi to'rtta muammoli belgini "bir tovush — bir harf" tamoyiliga moslab takomillashtirish, deb ta'kidlanmoqda.
Nega aynan bu to'rtta harf?
Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov so'nggi 10 yil davomida ilmiy tadqiqotlar o'tkazilganini, jamoatchilik fikri o'rganilganini aytdi. 2023-yilda o'tkazilgan seminarlar yakunida mutaxassislar aynan to'rtta harf bilan bog'liq uch asosiy muammo borligini aniqladilar.
Birinchi muammo — amaldagi oʻ va gʻ harflarini kompyuterda kiritish uchun bir necha amal bajarish kerak, amaliyotda ularning o'ndan ortiq varianti qo'llaniladi. Ikkinchi muammo — bu belgilar xalqaro Unicode standartlarida mustaqil harf sifatida mavjud emas. Bu elektron to'lov tizimlari, avtomatik tarjima va o'zbek tilini raqamlashtirish jarayonida jiddiy texnik muammolar keltirib chiqarmoqda. Uchinchi muammo — sh va ch qo'sh harflari o'zbek tilida juda faol qo'llaniladi. "Shoshilinch", "xushchaqchaq", "achchiqtosh" kabi so'zlarda bu harflarning ketma-ket kelishi yozish va o'qishni qiyinlashtiradi.
Bu harflar boshqa tillarda ham bormi?
Taklif etilayotgan Ş, Ç, Ğ va Ö harflari turk, ozarbayjon, turkman, nemis, shved, fin va venger tillarida allaqachon qo'llanilmoqda. Bugungi kunda bu belgilardan taxminan 300 million kishi foydalanadi. Bu yondashuv qardosh xalqlar tajribasi va umumturkiy alifbo tamoyillariga mos keladi.
O'tish davri qanday bo'ladi?
Islohot bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Amaldagi alifboda rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta muomalada bo'lishiga to'sqinlik qilinmaydi. Darsliklar rejadagi qayta nashr jarayonida, hujjatlar esa amal qilish muddati tugagach yangi alifboga moslashtiriladi. Abduhalimovning ta'kidlashicha, bu yondashuv davlat byudjetiga qo'shimcha yuklama solmaydi — hech qanday mavjud hujjat yoki mahsulot muddatidan oldin almashtirilmaydi.
Manba: Senat va Qonunchilik palatasi matbuot xizmatlari